Avto

Chexiyaning Skoda brendi Xitoy bozoridan chiqishini e’lon qildi

Kompaniyaning bozor ulushi 0,1 foizdan ham pastga tushib ketgan
Foto: Sina

Chexiyaning Skoda brendi Xitoy bozoridan chiqishini e’lon qildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda. Kompaniya 2026-yil o‘rtalariga qadar savdoni to‘xtatadi.

Brend Volkswagen Group tarkibiga kiradi. U Xitoyda elektr avtomobillar bozoriga moslasha olmadi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilgacha avtomobillar hamkorlar orqali sotiladi. Keyin esa faoliyat yakunlanadi. Shunga qaramay, mavjud mijozlar uchun servis xizmatlari davom ettiriladi.

Foto: Skoda

Skoda Xitoy bozoriga 2005-yilda kirgan. 2018-yilda eng yuqori natijaga erishib, 341 ming dona avtomobil sotgan. Biroq keyingi yillarda savdo keskin tushib ketdi. 2025-yilda sotuvlar 15 ming donaga tushdi. Bu 95 foizdan ortiq pasayish demakdir.

Kompaniyaning bozor ulushi 0,1 foizdan ham pastga tushib ketdi. Ekspertlarga ko‘ra, Skoda muammolari boshqa xorijiy brendlarga ham xos. Xitoyda BYD va Geely kabi mahalliy ishlab chiqaruvchilar tez o‘smoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Skoda Kylaq avtomobili qanday xususiyatlar bilan yangilanishi haqida yozgan edi.