Surxondaryoda 126 mln so‘mlik noqonuniy dori savdosi fosh etildi

Surxondaryo viloyatida dori vositalari va tibbiy buyumlarning noqonuniy savdosi bilan bog‘liq holat aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, departamentning viloyat boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida xususiy korxonani boshqarib kelgan fuqaro Jarqo‘rg‘on tumani «Markaziy Surxon» MFY hududidagi dorixonada faoliyat yuritgani ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, ushbu dorixona faoliyati va litsenziyasi bekor qilingan bo‘lsa-da, u yerda umumiy qiymati 126,4 mln so‘mlik dori vositalari va tibbiy buyumlar savdoga qo‘yilgan. Mazkur mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq departament tomonidan 75 ming dollar evaziga xorijda ishga yuborishni va’da qilgan firibgar ushlangan edi.