Uganda Isroil tomonida Eronga qarshi urushga qo‘shilishi mumkin

eʼlon qilindi
Yangiliklar muharriri
Agar Isroil og‘ir vaziyatga tushsa
Уганда
Uganda Isroil tomonida Eronga qarshi urushga kirishini e’lon qildi / Foto: Warriors Wiki

Uganda Isroilga tahdid yoki mag‘lubiyat xavfi tug‘ilsa, Eronga qarshi urushga qo‘shilishi mumkin. Bu haqda mamlakatning Xalq mudofaa kuchlari rahbari Muhuzi Kaynerugaba X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Shu bilan birga, Kaynerugaba Yaqin Sharqdagi mojaroni to‘xtatishga chaqirib, dunyo bundan charchaganini ta’kidladi. U, shuningdek, XX asrning 80–90-yillarida Ugandaga ko‘rsatilgan yordam uchun Isroil hukumatiga minnatdorchilik bildirdi. Biroq internet foydalanuvchilari uning tashabbusini qo‘llab-quvvatlamadi, ayrimlar uning uchun avvalo mamlakat manfaatlari ustuvor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Kaynerugaba avvalroq hozirgi Isroil bosh vazirining akasi — Yonatan Netanyaxu xotirasiga yodgorlik o‘rnatishni taklif qilgan edi. U 1976-yilda Ugandada Falastinni ozod qilish xalq fronti va Germaniyadagi so‘l radikallar tomonidan qo‘lga olingan isroillik garovdagilarni qutqarish operatsiyasi vaqtida halok bo‘lgan.

2026-yil uchun Global Firepower reytingiga ko‘ra, Uganda dunyoning eng kuchli armiyalari ro‘yxatida 107-o‘rinni egallaydi. Mamlakatning mudofaa byudjeti $1,5 mlrdni tashkil etadi.

Uganda armiyasida 45 ming harbiy xizmat qiladi, yana 10 ming kishi turli harbiylashtirilgan tuzilmalarga kiradi. Harbiy-havo kuchlari tasarrufida 51 ta samolyot mavjud bo‘lib, ulardan 26 tasi jangovar holatda. Quruqlikdagi qo‘shinlar esa 250 dan ortiq tank, 9,7 ming avtomobil, 6 ta o‘ziyurar artilleriya qurilmasi va 12 ta reaktiv zalp tizimiga ega.

Reytingda Isroil 15-o‘rinni, Eron esa 16-o‘rinni egallagan. Eng kuchli armiyalar sifatida AQSh, Rossiya va Xitoy tan olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron O‘zbekistonga insonparvarlik yordami uchun minnatdorchilik bildirgan edi.

Shuningdek