
Microsoft Windows 11 tizimini o‘rnatishda internet va akkaunt talabini bekor qilishi mumkin. Bu haqda kompaniya rahbariyati xabar berdi.
Hozirda Windows 11’ni o‘rnatish uchun majburiy ravishda internetga ulanish va Microsoft akkauntiga kirish talab etiladi. Bu esa ko‘plab foydalanuvchilar noroziligiga sabab bo‘lib kelayotgan edi.
Kompaniyaning dasturchilar bilan ishlash bo‘yicha vitse-prezidenti Scott Hanselman ushbu talabni o‘zi ham qo‘llab-quvvatlamasligini bildirib, bu borada o‘zgarishlar ustida ishlayotganini ma’lum qildi.
Hali rasmiy qaror e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, agar bu cheklov olib tashlansa, Windows tizimini o‘rnatish jarayoni yana oddiylashadi. Bu holat ilgari internet va akkaunt talab qilmagan Windows 10 davridagi qulaylikni qaytarishi mumkin.
Shuningdek, kompaniya Windows 11’ni tezroq, qulayroq va foydalanuvchilar uchun kamroq majburiy talablar bilan takomillashtirish ustida ishlayotgani aytilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Google Meet va Microsoft Teams o‘rtasida integratsiya ishga tushgani haqida yozgandi.