Yangi Toshkentda Dushanbe ko‘chasi, poytaxtda turar joy majmuasi: O‘zbekiston va Tojikiston qanday loyihalarni ishga tushirdi

Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon yirik qo‘shma kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Uchrashuv doirasida ikki davlat rahbarlari jami 10 ta qo‘shma loyihani boshlab berdi.

Loyihalar doirasida Tojikistonda mebel va charm mahsulotlari korxonalari tashkil etilishi, maishiy texnika ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, to‘qimachilik korxonalarini barpo etish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, Toshkent shahrida turar joy majmuasi va savdo obyektlarini qurish, Farg‘ona viloyatida konserva mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Andijon viloyatida sut mahsulotlari ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi, Surxondaryo viloyatida esa meva sharbatlari va metall briketlar ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirildi. Shuningdek, Yangi Toshkentdagi ko‘chalardan biriga Dushanbe shahri nomi berilishi bo‘yicha tantanali marosim o‘tkazildi.

Prezidentlar taqdim etilgan loyihalarning amalga oshirilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga va yangi sur’at bilan rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.
Eslatib o‘tamiz, 2030-yilga qadar O‘zbekiston va Tojikiston tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard dollarga yetkazilishi haqida yozgan edik.