Gadjetlar

6 yillik kafolatga ega Redmi 15A uchun savdolar 3-apreldan boshlanadi

Boshlang‘ich narxi $137 ni tashkil etadi
Foto: Redmi

Xiaomi Hindiston bozorida yangi arzon smartfoni Redmi 15A modelini rasman taqdim etdi. Qurilma kompaniyaning eng hamyonbop variantlaridan biri bo‘lib, boshlang‘ich narxi $137 ni tashkil etadi. Bu haqda kompaniya X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Smartfon 4/64 GB konfiguratsiyada $137 dan taklif etilmoqda, shuningdek 4/128 GB versiyasi $153, 6/128 GB varianti esa $174 etib belgilangan.

Redmi 15A 120 Gts yangilanish chastotasiga ega HD+ IPS displey bilan jihozlangan bo‘lib, maksimal yorqinligi 810 nitga yetadi. Kameralar tizimi ham kundalik foydalanish uchun yetarli: asosiy modul 32 MP, old kamera esa 8 MP.

Foto: Redmi

Qurilma Unisoc T8300 protsessori asosida ishlaydi va Android 16 operatsion tizimi hamda HyperOS 3.0 interfeysi bilan ta’minlangan. Xiaomi ushbu model uchun 4 yil tizim yangilanishlari va 6 yil xavfsizlik patchlarini va’da qilmoqda, bu esa budjet segmenti uchun kam uchraydigan afzallikdir.

Smartfonning eng kuchli tomonlaridan biri — 6300 mA·soat sig‘imli batareyasi. U 15 Vt tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek 7,5 Vt quvvatda teskari simli zaryadlash funksiyasiga ega.

Qo‘shimcha imkoniyatlar qatoriga IP52 standarti bo‘yicha chang va suv sachrashidan himoya, yon tomondagi barmoq izi skaneri hamda 3,5 mm audio ulagich kiradi. Redmi 15A savdosi 3-apreldan boshlanishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Redmi 15C katta sig‘imli batareyali smartfonlar bozorida yetakchi modelga aylangani haqida yozgandi.