
Apple kompaniyasi yangi Apple TV va HomePod qurilmalarini Gemini bazasidagi yangilangan Siri bilan birga sotuvga chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.
Qurilmalar o‘tgan yildan beri to‘liq tayyor holatda bo‘lsa-da, kompaniya ularning e’lonini yangi avlod Siri chiqishiga moslashtirishga qaror qilgan. Hozirda chakana savdo tarmoqlarida joriy Apple TV, HomePod mini va to‘liq o‘lchamli HomePod zaxiralari deyarli tugab qolgan. Mutaxassislarning fikricha, bunday holat har doim yangi avlod mahsulotlari taqdimoti oldidan yuz beradi.
Turli manbalarga ko‘ra, navbatdagi Apple TV Apple Intelligence tizimini qo‘llab-quvvatlaydigan A17 Pro chipi bilan jihozlanishi taxmin qilinmoqda. Shuningdek, qurilmada Wi-Fi 7 va Bluetooth 6 texnologiyalarining ishlashi uchun maxsus Apple N1 chipi o‘rnatilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple TV ilovasiga Google Cast funksiyasi qo‘shilgani haqida xabar bergan edi.