Avtomobil va uy-joy savdosidagi narxlarga davlat organlari aralashmaydi — Adliya vazirligi

Avtomobil va uy-joy savdosidagi narxlarga davlat organlari aralashmaydi. Bu haqda adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikramov 27-mart kuni OAV vakillari ishtirokidagi media muloqotda ma’lum qildi.
1-apreldan kuchga kiradigan yangi tartibga ko‘ra, oldi-sotdi jarayonida pul mablag‘lari maxsus eskrou hisob orqali o‘tkaziladi. Bu hisobdagi mablag‘lar notarial jarayon davomida avtomatik tarzda tasdiqlanadi. Endilikda xaridor va sotuvchi notarius huzurida kelishuvni amalga oshiradi. Tomonlar pul miqdoriga rozilik bildirgach, shartnoma imzolanadi va mablag‘lar avtomatik tarzda sotuvchiga o‘tkaziladi.
Tizim qanday ishlaydi
Tizim banklar va notarial idoralar bilan integratsiya qilingan. Bu orqali pul mablag‘lari holatini real vaqt rejimida tekshirish mumkin bo‘ladi. Mutaxassisning qayd etishicha, bu usul ayniqsa katta summali bitimlarda muhim ahamiyatga ega. Chunki hozirgi amaliyotda ko‘plab fuqarolar naqd pul bilan hisob-kitob qilishda muammolarga duch kelmoqda.
Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, endilikda pul faqat shartnoma imzolangandan keyin o‘tkaziladi, bu esa tomonlar uchun qo‘shimcha kafolat yaratadi.
«Aytaylik, avtotransport deymizmi yoki ko‘chmas mulk narxi. Shu kungacha notariuslar aralashmagan va aralashishga haqqi yo‘q. Xohlasa, bir so‘mga sotsin, xohlasa 100 mingga sotsin. Uning narxiga kimdir aralashadigan bo‘lsa, unga ham biz chora ko‘rishga tayyormiz» — deya qayd etgan Ikramov.
Sotib olingan mulk soliqqa qanday tartibda tortiladi
Soliq qo‘mitasi o‘rinbosari Jahongir Abdiyevning ta’kidlashicha, soliq solish maqsadida Toshkent shahri uchun kadastr qiymatini belgilash amaliyoti joriy qilinmoqda. Bu mulkni soliqqa tortayotganda uning kadastr qiymati hisobga olinishini anglatadi. Qo‘mita raisi o‘rinbosari transport vositalari undan mustasno ekanini qayd etdi. Unga ko‘ra, transport vositalarini sotilishi Soliq kodeksi bo‘yicha soliqdan ozod qilinadigan daromad hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘chmas mulk operatsiyalarida yashirin iqtisodiyot ulushi qariyb 19 foizni tashkil etadi.
«Kursiv» O‘zbekistonda terminal orqali to‘lovni rad etish va chek bermaslik holatlari keskin oshgani haqida yozgan edi.