Avto

Changan Deepal G318 avtomobili sotuvga chiqdi — narx

Changan Deepal G318 avtomobili sotuvga chiqdi — narx
Foto: Changan

Rossiyada Changan’ga tegishli Changal Deepal G318 gibrid yo‘ltanlamasi sotuvga chiqdi. Bu haqda «Avtonovosti dnya» nashri xabar bermoqda.

U ikki komplektatsiyada taklif etiladi. Bazaviy «Techno» versiyasi 5,65 mln rubl (taxminan $61 ming) turadi. Eng yuqori «Everest» komplektatsiyasi esa 6 mln rubl (taxminan $65 ming)ga baholangan. Avtomobil gibrid tizim bilan jihozlangan. Unda ikkita elektromotor ishlaydi. Ularning umumiy quvvati 439 ot kuchiga teng.

Foto: Changan

Benzin dvigatel esa faqat generator vazifasini bajaradi. U g‘ildiraklarga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanmaydi. G318 100 km/soat tezlikka 6,3 soniyada chiqadi. Umumiy yurish zaxirasi 1000 km dan oshadi.

O‘lchamlari ham katta: uzunligi 5 metr, klirensi esa 240 mm. Bu uni haqiqiy yo‘ltanlamasga aylantiradi. Bazaviy versiyada 18 dyuymli disklar, 8 ta dinamika va 8 ta xavfsizlik yostig‘i bor. Shuningdek, orqa differensial blokirovkasi ham mavjud.

Foto: Changan

Haydovchi uchun 6 xil yo‘l rejimi taklif etiladi. Top versiyada 20 dyuymli disklar va pnevmoosma mavjud. Salonida 16 ta dinamika va 720 Vt audio tizim o‘rnatilgan. Ichki qismi qora yoki jigarrang rangda bo‘ladi. O‘rindiqlar massaj va ventilyatsiya funksiyasiga ega.

Model Kaliningraddagi zavodda yig‘ilmoqda. Hozircha yig‘ish yirik uzellar asosida amalga oshirilmoqda. Kelajakda ishlab chiqarishni chuqurlashtirish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Changan CS35 Max Qozog‘istonda qanday narxda sotilayotgani haqida yozgan edi.