Yangiliklar

Epshteyn qurbonlari Tramp ma’muriyati va Google kompaniyasini sudga berdi

Da’vogarlar hukumatdan tovon puli undirishni va Google tizimidan shaxsiy ma’lumotlarni butunlay o‘chirishni talab qilmoqda
Foto: KSL NewsRadio

Epshteyn jinoyatlaridan jabr ko‘rgan shaxslar guruhi shaxsiy ma’lumotlari oshkor qilingani sababli payshanba kuni Tramp ma’muriyati va Google kompaniyasini sudga berdi. Jamoaviy da’voda maxfiy hujjatlar e’lon qilinishi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash so‘ralgan.

AQSh Adliya vazirligi tezkorlikni qurbonlar maxfiyligidan ustun qo‘ygani oqibatida 100 ga yaqin jabrlanuvchining shaxsi fosh bo‘lgan. Garchi hukumat keyinchalik bu ma’lumotlarni tahrirlab o‘chirgan bo‘lsa-da, Google qidiruv natijalari va sun’iy intellekt orqali ularni ko‘rsatishda davom etmoqda. Da’vogarlar Google kompaniyasi ma’lumotlarni o‘chirish texnologiyasiga ega bo‘lsa ham, qurbonlarning bu boradagi so‘rovlarini rad etganini ta’kidlamoqda.

Jabrlanuvchilarga ko‘ra, ma’lumotlar ochiqlanishi oqibatida ular notanish odamlardan tahdidlar olgan va Jeffri Epshteyn bilan til biriktirganlikda asossiz ayblanib, yangi ruxiy jarohatlarga duch kelgan.

«Hech qanday jinsiy zo‘ravonlik qurboni ismini qidiruvga berish orqali eng dahshatli jarohatlari oshkor bo‘lishidan qo‘rqib yashamasligi kerak», — dedi da’vogarlar advokati Juli Erikson.

Hozirda jabrlanuvchilar hukumatdan har bir kishi uchun kamida $1000 undirishni hamda Google ushbu ma’lumotlarni darhol va butunlay o‘chirishini talab qilmoqda. Rasmiy idoralar va kompaniya hozircha holat yuzasidan munosabat bildirmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘istonda Epshteyn bilan ehtimoliy aloqalar yuzasidan tekshiruv boshlangani haqida xabar bergan edi.