Yangiliklar

Eron menga oliy rahnamo bo‘lishni taklif qildi, lekin men rad etdim — Tramp

AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Eron diniy ulamolari ushbu lavozimni egallashdan qochmoqda
Foto: Yahoo News UK

AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtondagi mablag‘ yig‘ish tadbirida Eron uni mamlakatning keyingi oliy rahbari bo‘lishga taklif qilganini bildirdi.

Uning ta’kidlashicha, AQSh va Isroilning muvaffaqiyatli amaliyotlari tufayli Eronda rahbarlik qilishni xohlaydiganlar qolmagan. Eronning avvalgi oliy rahbari Ali Xomanaiy 2026-yilning 28-fevralida AQSh va Isroilning Eronga hujumi boshlangan birinchi kunda qurbon bo‘lgan edi.

Uning o‘rniga 8-mart kuni o‘g‘li Mojtabo davlat rahbari etib e’lon qilingan. Biroq u omma oldida ko‘rinish bermagani sababli AQSh va Isroil razvedkasi uning halok bo‘lgani yoki jiddiy jarohat olgani haqida xabar bermoqda.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/03/img_5044.mp4

Tramp Eron rasmiylari o‘z lavozimlaridan voz kechayotganini da’vo qilib, rahbariyatdagi qo‘rquv haqida gapirdi.

«Ular men buni xohlamayman, deyishmoqda. Biz sizni keyingi Oliy rahbar qilmoqchimiz deyishganida, men yo‘q, rahmat, xohlamayman deb javob berdim», – dedi Donald Trump.

Qoidalarga ko‘ra, oliy rahbar shia islom huquqshunosligidagi eng yuqori unvon bo‘lmish oyatulloh darajasiga ega bo‘lishi kerak, Trampda esa bunday malaka yo‘q.

Ayni paytda Eron hududdagi Isroil va Ko‘rfaz davlatlariga yuzlab raketalar hamda dronlar uchirmoqda, shuningdek, strategik ahamiyatga ega Hurmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘ygan. Tramp Tehron va Vashington o‘rtasida tinchlik muzokaralari olib borilayotganini ta’kidladi, biroq Eron bu ma’lumotni bir necha bor rad etgan.

«Agar ular kelishuvga erishishni xohlamasa, biz ularning eng yomon tushiga aylanamiz. Ungacha ularni yo‘q qilishda davom etamiz», – dedi AQSh prezidenti mintaqadagi harbiy harakatlar haqida to‘xtalar ekan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh Yaqin Sharqqa qo‘shimcha askarlar yuborishi haqida xabar bergan edi.