FIFA 2026-yilgi jahon chempionatida bir qator qoidalarni o‘zgartiradi

eʼlon qilindi
Yangi qoidalar vaqtni cho‘zishning oldini olish va hakamlar qarorini optimallashtirishga qaratilgan
Foto: FootyRoom

FIFA 2026-yili AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida o‘yin qoidalariga bir qator o‘zgartirishlar kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Gaston Edul xabar berdi.

Kiritilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, almashtirilgan futbolchi maydonni tark etishi uchun maksimal 10 soniya vaqt beriladi. Agar o‘yinchi belgilangan vaqtda chiqmasa, almashtirish 1 daqiqaga kechiktiriladi va jamoa vaqtincha bir kishi kam bo‘lib o‘ynaydi.

Bundan tashqari, autdan to‘p tashlash va darvozadan zarba berish uchun 5 soniyalik taymer joriy etilib, vaqt me’yori buzilsa, to‘pga egalik qilish huquqi raqibga o‘tadi.

Maydonda tibbiy yordam olgan o‘yinchi tashqariga chiqishi va qaytish uchun 1 daqiqa kutishi shart bo‘ladi. Faqatgina jarohat raqibning kartochka olgan qoidabuzarligi oqibatida yuzaga kelgan bo‘lsa, bu talab qo‘llanilmaydi.

Shuningdek, endilikda faqat jamoa sardori hakamdan qaror bo‘yicha tushuntirish so‘rashi mumkin, boshqa futbolchilarning hakam bilan bahslashishi sariq kartochka bilan jazolanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan FIFA JCh o‘yinlarining dastlabki 10 daqiqasini YouTube’da namoyish etishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek