Avto

GM avtonom haydash tizimini sinovdan o‘tkazmoqda

gm
Sinovlar Kaliforniya va Michigan shtatlaridagi umumiy foydalanish yo‘llarida olib borilmoqda
Foto: Electriccarsreport

General Motors yangi avtonom boshqaruv tizimini real sharoitda sinovdan o‘tkazishni boshladi. Bu haqda Electriccarsreport nashri xabar berdi.

Sinovlar Kaliforniya va Michigan shtatlaridagi umumiy foydalanish yo‘llarida olib borilmoqda va bu kompaniya uchun muhim bosqich hisoblanadi.

Dastur doirasida 200 dan ortiq avtomobil jalb etilgan bo‘lib, ularning har biri yangi tizim bilan jihozlangan va xavfsizlik uchun maxsus haydovchilar nazoratida harakatlanmoqda. Texnologiya millionlab kilometr real haydash ma’lumotlari asosida o‘qitilgan, shuningdek, murakkab holatlarni tekshirish uchun simulyatsiyalarda ham sinovdan o‘tkazilgan.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu loyiha doirasida allaqachon AQShning 34 shtatida 1 million kilometrdan ortiq ma’lumot to‘plangan. Bu ma’lumotlar keyingi bosqichda tizimni yanada takomillashtirish va real yo‘l sharoitlariga moslashtirishda asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Yangi avtonom tizimning asosiy jihatlaridan biri — markazlashtirilgan hisoblash platformasidir. U avtomobilning barcha aqlini yagona tizimga birlashtirib, dasturiy ta’minotni tez yangilash va funksiyalarni turli modellarga oson joriy etish imkonini beradi.

GM kelgusida eyes-off — ya’ni haydovchi doimiy nazoratisiz ishlaydigan tizimni joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu texnologiya ilk bor Cadillac Escalade IQ modelida 2028-yilda paydo bo‘lishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, kompaniya rivojlanishni tezlashtirish uchun ilg‘or simulyatsiya texnologiyalaridan foydalanmoqda. Ular har kuni taxminan 100 yillik haydash jarayonini virtual tarzda qayta yaratish imkonini beradi. GM’ning avtonom texnologiyalar bo‘yicha tajribasi ham katta: mijozlar tomonidan Super Cruise tizimi orqali 800 million kilometrdan ortiq masofa bosib o‘tilgan, to‘liq avtonom rejimda esa 5 million kilometrdan ortiq yo‘l sinovdan o‘tkazilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan GM Janubiy Koreyaga yana $300 mln sarmoya kiritishi haqida yozgandi.