Yangiliklar

Google “Live Translate” funksiyasini yangi mamlakatlarda ishga tushirdi

Funksiya 70 dan ortiq tilni qo‘llab-quvvatlaydi
Google «Live Translate» funksiyasini yangi mamlakatlarda ishga tushirdi / Foto: Ars Technica

Google o‘zining sun’iy intellekt yordamida ishlovchi «Live Translate» funksiyasini iOS qurilmalari va bir qator yangi mamlakatlarda taqdim etdi. Bu haqda Tech Crunch nashri ma’lum qildi.

Endilikda «Live Translate» funksiyasi iOS va Android qurilmalarida AQSh, Hindiston, Meksika, Germaniya, Ispaniya, Fransiya, Nigeriya, Italiya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Bangladesh va Tailandda mavjud. Avvalroq bu imkoniyat faqat Android qurilmalarida AQSh, Hindiston va Meksikada ishlagan.

Funksiya foydalanuvchilarga har qanday quloqchindan foydalanib matnlarni real vaqt rejimida eshitish imkonini beradi. Google’ning Gemini sun’iy intellekti yordamida ishlaydigan tizim har bir so‘zlovchining ohangini, urg‘usini va gap ritmini saqlab qoladi, bu esa suhbatni tushunishni va kim nima deyayotganini aniqlashni osonlashtiradi.

«Live Translate» funksiyasi foydalanuvchilarga boshqa tilda gapiradigan odamlar bilan suhbatlashish yoki sayohat chog‘ida poyezd e’lonlarini tushunishga yordam beradi. Ushbu imkoniyat 70 dan ortiq tilni qo‘llab-quvvatlaydi va quloqchinlarni ulab, Google Translate ilovasida ishga tushiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google Wear OS soatlari telefonsiz ham zilziladan ogohlantirishi haqida yozgan edik.