
Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida yangi hokim tayinlandi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xalq deputatlari Jarqo‘rg‘on tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berdi.
Sessiya davomida viloyat rahbari Jarqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimiga Saparov Ilhom Ochilovich nomzodini ilgari surdi. Mazkur nomzod Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari tomonidan ma’qullandi. Bunga qadar tumanga rahbarlik qilib kelgan Elmurod Avazov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Ma’lumot uchun, Saparov 1975-yilda Termiz tumanida tug‘ilgan. U 2002-yilda Termiz davlat universitetining bakalavriat bosqichini, 2011-yilda esa magistratura yo‘nalishini tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida Surxondaryo viloyatining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, Xalq ta’limi hamda Madaniyat boshqarmalarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Tayinlovga qadar u viloyat hokimining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qarshi tumaniga yangi hokim tayinlangan edi.