Sport

«JCh – 2026» saralashi: Italiya va Turkiya pley-offga chiqdi

Jami 8 ta terma jamoa Shimoliy Amerikada bo‘lib o‘tadigan turnir yo‘llanmasi uchun hal qiluvchi bosqichga o‘tdi
Foto: UEFA.com

2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun Yevropa mintaqasi pley-off yarim final uchrashuvlari yakunlandi. Unda Italiya, Turkiya, Shvetsiya, Polsha, Kosovo, Daniya, Chexiya hamda Bosniya va Gersegovina terma jamoalari hal qiluvchi final bosqichiga yo‘l oldi.

Italiya o‘z maydonida Shimoliy Irlandiyani 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Gollarga Sandro Tonali va Moyze Kin mualliflik qildi. Jamoa bosh murabbiyi Jennaro Gattuzo ushbu g‘alaba jamoaga ishonch berishini ta’kidladi.

Foto: Sky Sports

Boshqa uchrashuvlarda Shvetsiya Ukrainani 3:1 hisobida yengdi, mazkur o‘yinda Viktor Dyokeresh xet-trik qayd etdi. Kosovo Slovakiya ustidan 4:3 hisobida irodali g‘alabaga erishdi. Chexiya hamda Bosniya va Gersegovina terma jamoalari o‘z raqiblarini penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchratdi. Turkiya esa Ruminiyani 1:0 hisobida ortda qoldirdi. Arda Gyulerning uzatmasidan keyin Ferdi Kadioglu darvozani ishg‘ol qildi.

Foto: UEFA.com

Hal qiluvchi pley-off finallari 31-mart kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Bosniya va Gersegovina — Italiya, Shvetsiya — Polsha, Kosovo — Turkiya hamda Chexiya — Daniya o‘zaro kuch sinashadi. Ushbu uchrashuvlar g‘oliblari Jahon chempionatining yakuniy ishtirokchilari qatoridan joy oladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «JCh – 2026» saralash bosqichining o‘tish o‘yinlariga qur’a tashlangani haqida xabar bergan edi.