Netflix obuna narxlarini yana oshirdi

Dunyodagi yetakchi striming xizmatlaridan biri Netflix obuna narxlarini yana oshirganini ma’lum qildi. Bu haqda Tech Crunch nashri ma’lum qildi.
Kompaniyaning reklama bilan taqdim etiladigan eng arzon rejasi endi oyiga $8,99 ni tashkil etadi (avval $7,99 edi). Reklamasiz standart tarif narxi $19,99 ga yetdi ($17,99 edi), premium tarif esa $2 ga oshirilib, oyiga $26,99 etib belgilandi.
Shuningdek, joriy hisobga qo‘shimcha foydalanuvchi qo‘shish narxlari ham o‘zgartirildi. Reklama mavjud rejaga qo‘shimcha foydalanuvchi qo‘shish $6,99 ni tashkil etsa, reklamasiz rejada bu xizmat narxi $9,99 ga yetgan.
Kompaniya ushbu o‘zgarishlarni xizmat sifati va kontentlar xilma-xilligini oshirish bilan izohlagan. Yangi narxlar 26-martdan boshlab yangi foydalanuvchilar uchun amal qila boshlaydi, amaldagi obunachilar esa yangilanishlar haqida bir oy oldin xabardor qilinadi va narxlar bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq YouTube reklama ortidan 40 milliard dollardan ko‘proq daromad olgan edi.