
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi investitsiya jamg‘armasi bitimiga o‘zgartirishlar tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
«Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan O‘zbekiston va Ozarbayjon hukumatlari o‘rtasida investitsiya jamg‘armasini tashkil etishga doir bitimga kiritilgan o‘zgartirishlar tasdiqlandi.
Gap 2023-yil 24-fevralidagi O‘zbekiston–Ozarbayjon investitsiya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi bayonnoma haqida ketmoqda. Ushbu hujjat 2023-yil 18-iyul kuni Ozarbayjonning Shusha shahrida imzolangan edi.
Qarorga muvofiq, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mazkur xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul vakolatli organ etib belgilandi. Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga shartnoma kuchga kirgach, uning ijrosi ustidan nazoratni ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oʻzbekistonda shaxsiy ma’lumotlar toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartirishlar kiritilgan edi.