Yangiliklar

O‘zbekistonda daraxt ekkanlar uchun «metsenat» unvoni joriy etildi

50 ming tup daraxt ekishga hissa qo‘shgan shaxslarga
Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi

O‘zbekistonda ekologiyani yaxshilash va «Yashil makon» loyihasini rivojlantirish maqsadida yangi farmon qabul qilindi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.

Unga ko‘ra, fuqarolar va tadbirkorlarni ko‘kalamzorlashtirish ishlariga jalb qilish uchun maxsus rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Hujjatda hududlarda yirik botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etish, ularni muhofaza qilinadigan tabiiy hudud sifatida saqlash belgilangan. Shuningdek, 2030-yilgacha yashil hududlar ulushini oshirish, havodagi zararli moddalarning kamaytirilishi va iqlim sharoitini yaxshilash rejalashtirilgan.

Farmonga muvofiq, yaqin yillarda «yashillik elchilari» faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ko‘chatlar holatini monitoring qilish tizimi joriy etiladi. Bundan tashqari, «yashil chipta» orqali fuqarolar atrof-muhitga yetkazilgan zararini qoplash imkoniga ega bo‘ladi.

Rag‘batlantirish mexanizmi doirasida daraxt ekkan fuqarolar turli maqomlarga ega bo‘ladi. Xususan, kamida 50 ming tup daraxt ekishga hissa qo‘shgan shaxslarga «metsenat» unvoni berilishi belgilandi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda umumxalq hashari o‘tkazilishi haqida yozgandi.