
Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida qonunga xilof ravishda dorixona tashkil qilish holati aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, departamentning Qarshi tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro o‘z xonadonida «Tinchlik» MFY hududida qonunga zid ravishda dorixona faoliyati bilan shug‘ullangan.
Tadbir davomida u 340 turdagi, umumiy bahosi 31,2 mln so‘mni tashkil qiluvchi 14 538 dona dori va tibbiyot buyumlari hamda 130 dona «Benzonal» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dorini qonuniy asossiz ravishda saqlab kelgani aniqlandi. Ushbu dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryoda 112,5 million so‘mlik noqonuniy dori savdosiga chek qo‘yilgan edi.