Sergelidagi avtomobil bozorida Situatsion markaz tashkil etiladi

Sergeli tumanidagi avtomobil bozorida xavfsizlikni kuchaytirish va boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirishga qaratilgan yangi tizimlar joriy etiladi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.
Bojxona qo‘mitasining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va kiberxavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i hamda Bojxona auditi boshqarmasi boshlig‘i Sergeli tumanida joylashgan avtomobil va ehtiyot qismlari bozorida bo‘ldi.
Bozorda zamonaviy nazorat va boshqaruv mexanizmlarini joriy etish maqsadida tumandagi eng yirik avtomobil bozori hududida Situatsion markaz tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu markaz orqali savdo jarayonlarini monitoring qilish va tartibga solish imkoniyatlari kengaytiriladi.
Shuningdek, Bojxona qo‘mitasi tashabbusi bilan «Raqamli avtomobil bozori» axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha dastlabki texnik topshiriqlar ishlab chiqilmoqda. Ushbu tizim bozor faoliyatini shaffof va samarali boshqarishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Malika» bozori atrofidagi noqonuniy parkovkalarga chora ko‘rilishi haqida yozgan edik.