Telegram Android versiyasiga sun’iy intellektli matn muharririni qo‘shdi

Telegram jamoasi Android ilovasining 12.6 beta-versiyasini chiqardi va unda bir nechta yangi funksiyalar paydo bo‘ldi. Bu haqda Rozetked nashri xabar berdi.
Eng diqqatga sazovori — sun’iy intellekt (SI) yordamida ishlaydigan matn muharriri, bu foydalanuvchilarga xabarlarni ilova ichida tahrirlash imkonini beradi. Muharrirdan foydalanish uchun kamida uch qator matn yozib, paydo bo‘lgan «AI» tugmasini bosish kifoya.
Muharrir quyidagi rejimlarni taqdim etadi:
- Tarjima qilish — matnni turli tillarga tarjima qiladi va oldindan belgilangan uslublarda stil beradi.
- Stilizatsiya qilish — matnni tanlangan uslubga mos ravishda qayta yozadi.
- Tuzatish — xatoliklarni aniqlaydi va to‘g‘rilangan variantni taklif qiladi.
- Emojify — matnga avtomatik tarzda emojilar qo‘shadi (tarjima va stilizatsiya rejimlarida ishlaydi).
O‘zgartirishlar Apply tugmasi orqali saqlanadi. Bepul foydalanuvchilar bir nechta tahrirlarni amalga oshirishi mumkin, premium abonentlar esa 50 barobar katta limitga ega bo‘ladi.
Shuningdek, e’tibor berish indikatorlari, reaksiyalar va so‘rovnomalar ham yangilandi. Endi shaxsiy va guruh chatlarida reaksiyalar va ovoz berishlar aniqroq ko‘rinadi. Agar chatdagi bildirishnomalar o‘chirilgan bo‘lsa, indikatorlar kamroq seziladi va mavzu rangiga bo‘yalmaydi.
Profil pleylisti funksiyasi ham kengaytirildi: endi treklarni qurilmadan va «Umumiy audio» bo‘limidan qo‘shish mumkin. Shuningdek, saqlangan musiqani kalit so‘zlar yoki belgilar orqali qidirish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Telegram shaxsiy chatni skrinshot qilishni taqiqlash funksiyasini ishga tushirgani haqida yozgandi.