Terminal orqali savdo qilishdan bosh tortish holatlari ko‘paydi: bir oyda 22 ming murojaat tushdi

O‘zbekistonda terminal orqali to‘lovni rad etish va chek bermaslik holatlari keskin oshgan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev ma’lum qildi. U bu haqda 27-mart kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Soliq qo‘mitasi hamda Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan OAV vakillari bilan uchrashuvda qayd etdi.
Uning ta’kidlashicha, faqat fevral oyining o‘zida bu bo‘yicha 22 mingta murojaat kelib tushgan. Har bir murojaat tekshirilgan va aksariyat holatlarda qonunbuzarliklar tasdiqlangan. Eng ko‘p uchrayotgan muammo — savdo nuqtalarida terminal mavjud bo‘lsa ham, undan foydalanishdan bosh tortishdir.
Shuningdek, ayrim tadbirkorlar plastik karta orqali to‘lovni qabul qilmaslik yoki xaridorni majburan P2P o‘tkazmaga yo‘naltirish holatlari ham aniqlangan. Statistikaga ko‘ra, murojaatlarning 15–20 foizi aynan plastikdan plastik kartaga pul o‘tkazish bilan bog‘liq.
Ma’lum qilinishicha, hozirgi tartibga ko‘ra, bunday holatlar uchun 5 mln so‘mgacha jarima belgilangan. Agar jarima bir oy ichida to‘lansa, u 2,5 mln so‘mgacha kamaytiriladi.

«Jarima qo‘llanilgandan keyin ham unda agar javobgarlik hissi paydo bo‘lmasa yo jarima miqdoriga nisbatan jazoni kuchaytirish nuqtayi nazaridan yoki boshqa bir yo‘nalishda ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi. Hozir biz ham shu yo‘nalishda takliflarni tayyorlayapmiz», —deya qayd etdi Abdiyev.
Ayrim tadbirkorlar jarimadan keyin ham terminaldan foydalanishni rad etishda davom etmoqda. Shu sababli, jarima miqdorini oshirish yoki javobgarlik choralarini kuchaytirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Tegishli takliflar hozirda ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi.
Abdiyevning qayd etishicha, eng ko‘p murojaatlar chek bermaslik bilan bog‘liq. Ikkinchi o‘rinda esa plastik karta orqali to‘lovni qabul qilmaslik holatlari turibdi.
Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan plastik karta orqali to‘lov qilganda narxni sun’iy oshirish holatlari ham uchramoqda. Ya’ni, naqd va plastik to‘lovlar uchun turli narx qo‘llash amaliyoti aniqlangan.
«Kursiv» 2025-yilda naqd pul va terminal orqali umumiy pul tushumlari 1,1 kvadrillion so‘mni tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 28 foizga oshgani haqida yozgan edi.