
Kursiv Uzbekistan 27-mart kuni xorijda va respublikada yuz bergan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi.
Bo‘stonliqdagi mehmonxonada mushuklarga zo‘ravonlik qilgan xodimlar qamaldi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi mehmonxonada mushuklarga nisbatan zo‘ravonlik qilgan 33 yoshli shaxs 15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot kotibi Bobur To‘laganov ma’lum qildi.
Sud uni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi 2-qismiga asosan aybdor deb topdi. Mazkur modda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lib, ularning o‘limiga yoki jarohatlanishiga sabab bo‘lganlik uchun 15 sutkagacha qamoq jazosini nazarda tutadi.
O‘zbekistonda daraxt ekkanlar uchun «metsenat» unvoni joriy etildi
O‘zbekistonda ekologiyani yaxshilash va «Yashil makon» umummilliy loyihasini rivojlantirish maqsadida yangi farmon qabul qilindi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, fuqarolar va tadbirkorlarni ko‘kalamzorlashtirish ishlariga jalb qilish uchun maxsus rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekistonda san’atkorlar uchun yangi soliq tartibi taklif qilindi
O‘zbekistonda ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchilar uchun yangi soliq tizimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Adliya vazirligi tomonidan muhokamaga qo‘yilgan hujjatga ko‘ra, 1-sentabrdan boshlab san’atkorlar har bir chiqish yoki xizmat uchun alohida soliq to‘lashi kerak bo‘ladi.
Yangi tartib «bitta xizmat – bitta to‘lov» tamoyiliga asoslanadi. Dastlabki bosqichda soliq miqdori ijrochining daromadidan qat’i nazar, uning toifasi va faoliyat yuritayotgan hududiga qarab belgilanishi ko‘zda tutilgan. Hatto bepul chiqishlar uchun ham soliq to‘lash majburiy bo‘ladi, biroq davlat tadbirlari bundan mustasno.
2026 – 2029-yillarda Superliga va Proliga futbolchilari daromad solig‘idan ozod etiladi
2026 – 2029-yillarda Superliga va Proligada faoliyat yurituvchi futbolchilar daromad solig‘idan ozod qilinadi. Bu haqda sport sohasini rivojlantirish va moliyalashtirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qaror bilan Sport vazirligi huzurida tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.
Unga ko‘ra, 1-apreldan boshlab, sport federatsiyalari faoliyatiga homiy sifatida kamida 20 foiz mablag‘ kiritgan tadbirkorlar ularning boshqaruv organlariga jalb etiladi. Shuningdek, professional futbol klublariga shuncha miqdorda homiylik qilgan tadbirkorlar klubni ishonchli boshqaruv asosida yuritish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Terminal orqali savdo qilishdan bosh tortish holatlari ko‘p: bir oyda 22 ming murojaat tushdi
O‘zbekistonda terminal orqali to‘lovni rad etish va chek bermaslik holatlari keskin oshgan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev ma’lum qildi. U bu haqda 27-mart kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Soliq qo‘mitasi hamda Adliya vazirligi tomonidan tashkil qilingan OAV vakillari bilan uchrashuvda qayd etdi.
Uning ta’kidlashicha, faqat fevral oyining o‘zida bu bo‘yicha 22 mingta murojaat kelib tushgan. Har bir murojaat tekshirilgan va aksariyat holatlarda qonunbuzarliklar tasdiqlangan. Eng ko‘p uchrayotgan muammo – savdo nuqtalarida terminal mavjud bo‘lsa ham, undan foydalanishdan bosh tortish.
FIFA 2026-yilgi jahon chempionatida bir qator qoidalarni o‘zgartiradi
FIFA 2026-yili AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida o‘yin qoidalariga bir qator o‘zgartirishlar kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Gaston Edul xabar berdi.
Kiritilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, almashtirilgan futbolchi maydonni tark etishi uchun maksimal 10 soniya vaqt beriladi. Agar o‘yinchi belgilangan vaqtda chiqmasa, almashtirish 1 daqiqaga kechiktiriladi va jamoa vaqtincha bir kishi kam bo‘lib o‘ynaydi.
Bundan tashqari, autdan to‘p tashlash va darvozadan zarba berish uchun 5 soniyalik taymer joriy etilib, vaqt me’yori buzilsa, to‘pga egalik qilish huquqi raqibga o‘tadi.
Maydonda tibbiy yordam olgan o‘yinchi tashqariga chiqishi va qaytish uchun 1 daqiqa kutishi shart bo‘ladi. Faqatgina jarohat raqibning kartochka olgan qoidabuzarligi oqibatida yuzaga kelgan bo‘lsa, bu talab qo‘llanilmaydi.
Avtomobil va uy-joy savdosidagi narxlarga davlat organlari aralashmaydi — Adliya vazirligi
Avtomobil va uy-joy savdosidagi narxlarga davlat organlari aralashmaydi. Bu haqda adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikramov 27-mart kuni OAV vakillari ishtirokidagi media muloqotda ma’lum qildi.
1-apreldan kuchga kiradigan yangi tartibga ko‘ra, oldi-sotdi jarayonida pul mablag‘lari maxsus eskrou hisob orqali o‘tkaziladi. Bu hisobdagi mablag‘lar notarial jarayon davomida avtomatik tarzda tasdiqlanadi. Endilikda xaridor va sotuvchi notarius huzurida kelishuvni amalga oshiradi. Tomonlar pul miqdoriga rozilik bildirgach, shartnoma imzolanadi va mablag‘lar avtomatik tarzda sotuvchiga o‘tkaziladi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Axadbek Xaydarov naqdsiz to‘lov orqali savdo qilinadigan yo‘nalishlar kelajagiga oid «Kursiv» muxbiri savoliga javob berdi. Unga ko‘ra, vazirlik naqdsiz to‘lovlar ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqmoqda. U bu haqda 27-mart kuni OAV vakillari bilan uchrashuvda qayd etdi.
«Bu bo‘yicha takliflarimiz bor. Va hozir bu eksperiment (1-apreldan yangi tartib —tahrir), baribir, natijasiga qaraymiz. Unga qarab boshqa xizmatlarni ham o‘tkazish bo‘yicha takliflarimiz bor. Ular ishlab chiqilmoqda», — dedi vazir o‘rinbosari.
100 dollarlik banknotalarda Trampning imzosi paydo bo‘ladi
Shu yilning iyunidan boshlab 100 dollarlik banknotalarda AQSh prezidenti Donald Trampning imzosi paydo bo‘ladi. Bu amaldagi prezidentning amerika puliga imzo qo‘yishi bo‘yicha birinchi holatga aylanadi, deya yozmoqda Reuters agentligi.
Yangi dizayndagi banknotalar Amerika mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan chiqariladi va unda 165 yildan beri mavjud bo‘lgan AQSh xazina vazirining imzosi birinchi marta olib tashlanadi.
Mirziyoyev va Emomali Rahmon «Shoyigul» brendi mahsulotlari bilan tanishdi
Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Buxoro viloyatidagi zamonaviy to‘qimachilik korxonasiga tashrif buyurib, yengil sanoatdagi imkoniyatlar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarlari Merganteks paxta-to‘qimachilik klasteri tarkibidagi Nigora fabrikasida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi. $35 millionlik loyiha asosida tashkil etilgan korxonada paxtani qayta ishlashdan tortib, tayyor kiyim ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq sikl yo‘lga qo‘yilgan.