Yangiliklar

O‘zbekistonda ta’lim robototexnikasi va SI xabi tashkil etilishi mumkin

Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda
O‘zbekistonda ta’lim robototexnikasi va SI xabi tashkil etilishi mumkin / Foto: Bilimdinews.kz

O‘zbekistonda Xitoyning yirik texnologik kompaniyasi «WhalesBot» bilan hamkorlikda ta’lim robototexnikasi va sun’iy intellekt xabi tashkil etilishi mumkin bilan. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.

O‘zbekiston bosh konsuli Rustam Ismoilov Xitoyning yetakchi texnologiya kompaniyasi «WhalesBot» bilan robototexnika va sun’iy intellekt yo‘nalishida hamkorlikni muhokama qildi. Unda ikki tomon robototexnika va sun’iy intellekt sohasidagi yangi imkoniyatlarni muhokama qildi. Shuningdek, ikki tomonlama sarmoyaviy va ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

«WhalesBot» kompaniyasi ta’lim robototexnikasi va sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan bo‘lib, 270 dan ortiq patent va mualliflik huquqlariga ega. Kompaniya mahsulotlari dunyoning qariyb 80 ta mamlakatidagi 30 mingdan ortiq maktablarda qo‘llanilmoqda.

Foto: «Dunyo» AA

«WhalesBot» kompaniyasi global biznes bo‘yicha direktori Mettyu Chou o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilarining robototexnika va sun’iy intellekt bo‘yicha bilimlarini kengaytirish maqsadida Toshkentdagi maktablardan biri bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Shuningdek, Xitoy tomoni tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda O‘zbekistonda ta’lim robototexnikasi va sun’iy intellekt xabini tashkil etishga tayyorligini ma’lum qildi. Mazkur xab yoshlar uchun robototexnika, sun’iy intellekt, muhandislik konstruksiyalari va intellektual kodlash kabi ko‘nikmalarni rivojlantirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, kompaniya vakili joriy yilda Pekin shahrida o‘tkaziladigan robototexnika va sun’iy intellekt bo‘yicha o‘smirlar xalqaro musobaqasida ishtirok etish uchun 5 nafar o‘quvchi va 1 nafar hamroh o‘qituvchini taklif qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy kompaniyasi Toshkent viloyatida akvapark va koʻngilochar majmua qurishni rejalashtirgani haqida yozgan edik.