Xitoyda o‘quvchilarga ortiqcha uy vazifalari va imtihonlar qisqartiriladi

eʼlon qilindi
Ta’lim tizimida bahor va kuzgi ta’til joriy etiladi
Foto: EPA Images pic

Xitoy Ta’lim vazirligi o‘quvchilarning ruhiy va jismoniy salomatligini yaxshilashga qaratilgan yangi siyosatni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, maktablarda ortiqcha uy vazifalari berish, tanaffus vaqtlarini qisqartirish hamda o‘quvchilarga haddan tashqari akademik bosim o‘tkazish qat’iyan cheklanadi.

Yangi qoidalarga muvofiq, maktablar endilikda tez-tez imtihonlar tashkil eta olmaydi va o‘quvchilarni saralash maqsadida testlar o‘tkazish taqiqlanadi. Shuningdek, o‘qituvchilarni yuqori natijalar uchun rag‘batlantirish yoki jazolash amaliyotlari ham bekor qilinadi. Bu orqali tizimdagi faqat baho uchun o‘qish yondashuvidan voz kechish ko‘zda tutilgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, Xitoy maktablarida og‘ir dars yuklamasi o‘quvchilarda uyqusizlik, stress va hatto depressiyaga olib kelmoqda. Shu sababli yangi siyosatda har kuni kamida ikki soat jismoniy faollikni ta’minlash majburiy etib belgilandi.

Bundan tashqari, maktablar o‘quvchilarning tanaffus vaqtiga aralashmasligi, ularni sinfxonada ushlab turmasligi shart. Bolalar erkin dam olishi va harakat qilishi uchun sharoit yaratish asosiy talablardan biri sifatida belgilangan.

Yana bir muhim yangilik — ta’lim tizimida bahor va kuzgi ta’til joriy etilishi bo‘ldi. Bu yozgi va qishki ta’tillarga qo‘shimcha ravishda o‘quvchilarga ko‘proq dam olish imkonini beradi. Xitoy hukumati bu choralar orqali nafaqat ta’lim sifatini oshirish, balki yosh avlodning sog‘lom va muvozanatli rivojlanishini ta’minlashni maqsad qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan eng muloyim davlatlar reytingida Yaponiya yetakchi bo‘lgani haqida yozgandi.

Shuningdek