
O‘zbekiston prezidentining 2026-yil 27-martdagi qaroriga asosan, jazoni o‘tayotgan yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitishga qaratilgan «Ikkinchi imkon» ijtimoiy reabilitatsiya milliy loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
2026-yil 1-iyundan boshlab Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlaridagi, 2027-yil 1-martdan esa respublikaning boshqa hududlaridagi jazoni ijro etish muassasalarida raqamli kasblarga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. O‘quv jarayonlari 8 – 12 oylik intensiv dasturlar asosida bevosita muassasalarning o‘zida tashkil etilishi belgilangan.
Mazkur o‘quv kurslariga ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan va og‘ir jinoyatlarni sodir etgan, ayni paytda jazoni o‘tayotgan yoshlar jalb qilinadi. Kasbiy ta’limdan tashqari, ishtirokchilar ingliz, rus, xitoy kabi xorijiy tillarni o‘rganish bo‘yicha yagona intensiv dasturlar asosida ham o‘qitiladi.
O‘quv kurslari yakuni bo‘yicha tegishli dasturlarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan yoshlarga elektron shakldagi sertifikatlar berilishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Kursiz Uzbekistan «Yangi hayot» dasturi orqali mahbus ayollar kasb-ta’limga yo‘naltirilishi haqida xabar bergan edi.