
27-mart kuni Nyu-York shahrida O‘zbekiston va Lesoto Qirolligi hukumatlari o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida hujjat imzolandi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar bermoqda.
Hujjatni ikki mamlakat nomidan O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov hamda Lesotoning BMTdagi vakili Matete Nena imzoladi. Tomonlar xalqaro tashkilotlar, xususan, BMT va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari doirasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar.
Muzokaralar davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ma’lumot o‘rnida, Lesoto — Janubiy Afrika Respublikasi hududi bilan to‘liq o‘ralgan baland tog‘li qirollik. Mamlakat hududi daryolar tarmog‘i va tog‘ tizmalaridan iborat. Mamlakat poytaxti Maseru shahri hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Saudiya Arabistonining yangi elchisi O‘zbekistonda ish boshlagani haqida xabar bergan edi.