O‘zbekiston startap-ekotizimi qiymati 10 yilda 4000 barobar oshdi — Abdulla Aripov

eʼlon qilindi
Bosh vazir Abdulla Aripov mamlakatning raqamli transformatsiyasi va sun’iy intellekt sohasidagi yutuqlarini ma’lum qildi
Foto: Digital Business

Qozog‘istonning Chimkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Digital Qazaqstan – 2026» xalqaro forumida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov mamlakatning raqamli yutuqlari haqida ma’lumot berdi. So‘nggi o‘n yillikda O‘zbekiston startap-ekotizimi qiymati $1 mlndan $4 mlrdgacha o‘sgan.

Bosh vazirning ta’kidlashicha, so‘nggi to‘qqiz yilda keng polosali internet qamrovi 41 foizdan 99,5 foizgacha yetgan, tarmoq o‘tkazuvchanligi esa 40 barobar oshgan. Shuningdek, elektron hukumat tizimlarini yagona ma’lumotlar markaziga birlashtirish orqali budjet mablag‘larining 30 foizi tejalgan.

Mamlakatda sun’iy intellekt (SI) infratuzilmasi faol rivojlanmoqda va hozirda 100 ta ustuvor loyiha amalga oshirilmoqda. Xususan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-sonli yangi mis boyitish fabrikasida 60 dan ortiq tizim va 20 mingta datchikni birlashtiruvchi raqamli kontur yaratilgan.

O‘zbekistonda hozirgi kunda 800 ta startap-loyiha faoliyat yuritmoqda, ularning 60 tasi o‘z mahsulotlarini eksport qilmoqda. Venchur fondlarining umumiy kapitali qariyb $350 mlnga yetgan.

«Natijada O‘zbekiston Jahon bankining davlat boshqaruvi raqamli yetukligi reytingida 9-o‘rinni egalladi», – dedi Abdulla Aripov.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan eng yaxshi 40 ta startapga 2 mlrd so‘m ajratilishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek