Yangiliklar

O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatining huquqiy asoslari belgilandi

Yangi qonun bilan islomiy moliya operatsiyalarini amalga oshirish va litsenziyalash tartibi tasdiqlandi.
Foto: The Malaysian Reserve

O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilovchi qonun qabul qilindi. Ushbu hujjat orqali ayrim qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

2026-yilning 27-mart kuni qabul qilingan qonunga ko‘ra, banklarga islomiy moliya operatsiyalarini amalga oshirish huquqi berildi. Unga foydani taqsimlash, tovarni nasiyaga sotish, oldindan haq to‘lash va sherikchilik orqali mijozni moliyalashtirish amaliyotlari kiradi. Shuningdek, mol-mulkni sotib olish huquqi bilan islomiy ijaraga berishga ham ruxsat etildi.

O‘zbekistonda mazkur bank faoliyatini amalga oshirish huquqi Markaziy bank tomonidan beriladigan litsenziyaga ega yuridik shaxslarga taqdim etiladi. Mazkur litsenziya amal qilish muddati cheklanmagan holda berilib, litsenziyani yoxud unga doir huquqlarni boshqa shaxslarga o‘tkazish taqiqlanadi.

Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab 3 oy o‘tgach qonuniy kuchga kiradi. Ushbu o‘zgarishlar mamlakat moliya bozorida muqobil bank xizmatlarini qonuniy asosda taqdim etish imkonini yaratadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan islomiy moliya orqali 1 milliard dollar investitsiya jalb qilinishi haqida xabar bergan edi.