Yangiliklar

Toshkentda noqonuniy ko‘chirilgan 107 tup daraxt qurib qoldi

Daraxtlarning nobud bo‘lishi oqibatida tabiatga 881 million so‘mdan ziyod zarar yetkazilgan
Foto: Pexels.com

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida 108 tup daraxt noqonuniy ravishda ko‘chirib o‘tqazilgan. Buning oqibatida 107 tup daraxt qurib qolgan va tabiatga 881 mln 268 ming so‘m zarar yetkazilgan. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar bermoqda.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Ekopolitsiyaga kelib tushgan murojaat asosida «Yunona» MFY hududida joylashgan Abu Ali ibn Sino ko‘chasidagi yopiq kollektor hududini o‘rgandi. O‘rganish natijasida 108 tup daraxtning noqonuniy ko‘chirib o‘tqazilgani aniqlandi.

Daraxtlarning holati tekshirilganda, 107 tup daraxt, xususan, 12 tup archa va 95 tup Eldor qarag‘ayi qurib qolgani ma’lum bo‘ldi. Qayd etilishicha, ushbu daraxtlarni ko‘chirish bo‘yicha Toshkent shahar ekologiya bosh boshqarmasiga murojaat qilingan, biroq boshqarma tomonidan rad javobi berilgan. Bunga qaramay, daraxtlar noqonuniy tarzda ko‘chirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-noyabrdagi 464-son qaroriga asosan, mazkur huquqbuzarlik natijasida tabiatga 881 mln 268 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani hisoblangan. Hozirda holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekitan daraxt kesishga moratoriy saqlanib qolishi haqida xabar bergan edi.