
Bentley o‘zining yangi elektr krossoveri ustida ishlamoqda. Model hozircha Barnato nomi bilan tilga olinmoqda va u kompaniya qatorida Bentley Bentayga modelidan pastroqda joylashadi. Bu haqda Carcoops nashri xabar berdi.
Yangi avtomobil to‘liq elektr bo‘lib, dizayni sport uslubida va aerodinamik shaklda bo‘lishi kutilmoqda. U Bentley EXP 15 konseptidan ilhomlangan elementlarga ega bo‘ladi. Prototiplar allaqachon sinov jarayonlarida ko‘rilgan.
Salon esa hashamat va zamonaviy texnologiyalar uyg‘unligida yaratiladi. Unda egri OLED displey, raqamli panel, kengaytirilgan reallik proyeksiyasi, Android Automotive tizimi, rivojlangan ovozli boshqaruv va raqamli kalit bo‘lishi kutilmoqda. Model 4 va 5 o‘rindiqli variantlarda taqdim etilishi mumkin.
Texnik jihatdan avtomobil Volkswagen Group PPE platformasida quriladi. Bu platforma kelajakdagi Porsche Cayenne Electric bilan umumiy bo‘ladi. Batareya sig‘imi 113 kVt·soat atrofida bo‘lishi, tezkor zaryadlash esa 7 daqiqadan kam vaqtda taxminan 160 km yurishga yetadigan energiya berishi kutilmoqda.
Quvvatiga kelsak, turli versiyalarda 400 ot kuchidan boshlab, eng yuqori variantlarda 1140 ot kuchigacha yetadi. Bu esa modelni segmentdagi eng kuchli elektr krossoverlardan biriga aylantiradi.
Yangi Bentley Barnato bozorida Mercedes-Maybach EQS SUV, Ferrari Purosangue, Aston Martin DBX va Range Rover SV kabi premium raqobatchilar bilan bellashishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bentley ayollar uchun maxsus modelni atigi 10 ta nusxada namoyish qilgani haqida yozgandi.