Chevrolet Tracker narxidagi Toyota bZ7 elektromobili taqdim etildi

30-mart 2026 09:52 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Autohome

Toyota va GAC qo‘shma korxonasi Xitoyda yangi flagman elektr sedan Toyota bZ7 (Platinum 7) modelini rasman taqdim etdi. Bu haqda ITHome nashri xabar berdi.

Avtomobil 5 ta komplektatsiyada taklif etilib, narxi taxminan $20–28 mingni tashkil etadi.

Yangi model Toyota tarixidagi eng keng elektr sedan bo‘lib, ilk bor ikki kamerali pnevmo-osma bilan jihozlangan. Uning o‘lchamlari 5130×1965×1506 mm, g‘ildirak bazasi esa 3020 mmni tashkil qiladi.

Foto: Autohome

Salon yuqori texnologiyalar bilan boyitilgan: katta sensorli ekran, nol gravitatsiya o‘rindiqlari, simsiz zaryadlash va HarmonyOS asosidagi multimedia tizimi mavjud. Shuningdek, avtomobil Xiaomi ekotizimi bilan integratsiyalashgan bo‘lib, kelajakda Mijia kabi xizmatlar ham qo‘shilishi kutilmoqda.

Texnik jihatdan sedan Huawei DriveONE elektr dvigateli bilan jihozlangan bo‘lib, 281 ot kuchiga ega. 88,13 kVt·soat sig‘imli batareya yordamida avtomobil bir zaryadda 710 kmgacha yo‘l bosadi (CLTC). Tezkor zaryadlash orqali 10 daqiqada taxminan 300 km yurishga yetadigan energiya to‘ldirish mumkin.

Foto: Autohome

Model Momenta R6 avtopilot tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, u shahar va trassada yarim avtonom boshqaruvni qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek avtomatik parkovka funksiyasi ham mavjud. Lidarli versiyalarda 27 ta sensor ishlatiladi.

Kompaniya batareya uchun ham maxsus kafolat taklif qilmoqda. Agar uning sig‘imi belgilangan darajadan tezroq kamayib ketsa, bepul almashtirib beriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toyota 550 mingdan ortiq krossoverini qaytarib olayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek