Yangiliklar

China Eastern Toshkent va Shanxay o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ydi

Parvozlar haftasiga to‘rt marta amalga oshiriladi
China Eastern Toshkent va Shanxay o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ydi / Foto: Uzbekistan Airports

Xitoyning China Eastern Airlines aviakompaniyasi Shanxay va Toshkent o‘rtasida muntazam yo‘lovchi qatnovlarini boshladi. Bu haqda Uzbekistan Airports ma’lum qildi.

Yangi yo‘nalish Xitoyning eng yirik shaharini O‘zbekiston poytaxti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lab, yo‘lovchilarga ishbilarmonlik va sayohat imkoniyatlarini yaratadi. Parvozlar haftasiga to‘rt marta — dushanba, seshanba, payshanba va shanba kunlari Airbus A330 samolyotlarida amalga oshiriladi.

Toshkentdan Shanxayga chipta narxlari $275 dan, Shanxaydan Toshkentga esa $438 dan boshlanadi. Safar davomiyligi taxminan 8 soatni tashkil etadi.

Ma’lumot uchun, China Eastern Airlines 1988-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Shanxayda shtab-kvartirasi joylashgan Xitoyning yetakchi aviakompaniyalaridan biridir. Aviakompaniya O‘zbekiston bozoriga o‘tgan yil iyul oyida Sian – Toshkent – Sian yo‘nalishi bilan kirib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Asiana Airlines Seul – Toshkent yo‘nalishidagi parvozlarni qayta tiklagani haqida yozgan edik.