
Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati Damas avtomobilning orqa o‘rindiqlarini olib tashlash tartibini tushuntirdi. Ma’lum qilinishicha, 7 o‘rinli yo‘lovchi tashuvchi Damas avtomobilida o‘rindiqlar sonini kamaytirish mumkin.
7 o‘rindiqli Damas avtomobilini tadbirkorlik yoki boshqa maqsadlarda foydalanish uchun 5 tagacha tushirishga ruxsat beriladi. Shuningdek, avtomobilni to‘liq yuk tashuvchi furgon turiga o‘tkazish ham mumkin. Buning uchun barcha o‘rindiqlar olib tashlanadi.

Qayta jihozlash uchun ariza elektron tizimlar orqali yoki davlat xizmatlari markazlari orqali topshiriladi. Arizada qayta jihozlash turi to‘g‘ri tanlanishi kerak. Izoh qismida esa maqsad aniq va batafsil yozilishi lozim. Ariza 10 kun ichida ko‘rib chiqiladi. Natija bo‘yicha murojaatchiga SMS orqali xabar yuboriladi.
Ruxsat olingandan keyin transport vositasining texnik pasportini yangilash talab etiladi.
Model haqida
Chevrolet Damas modeli O‘zbekistonda eng ommabop tijorat avtomobillaridan biri hisoblanadi. U ixchamligi, tejamkorligi va ishonchliligi bilan ajralib turadi.
Avtomobilning boshlang‘ich narxi 93 156 000 so‘mdan boshlanadi. U 0,8 litrli dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, maksimal 38 ot kuchi ishlab chiqaradi. Uzatmalar qutisi 5 pog‘onali mexanik hisoblanadi.
Damas yuk tashish va kundalik foydalanish uchun moslashtirilgan. Uning yukxona sig‘imi 450 kg gacha yetadi. Yonilg‘i sarfi esa 100 km ga o‘rtacha 7 litrni tashkil etadi. Model turli ehtiyojlarga mos uch xil modifikatsiyada taqdim etiladi. Eng keng tarqalgan variant — yo‘lovchi tashuvchi versiya bo‘lib, unda uch qator o‘rindiq mavjud. O‘rindiqlar joylashuvi 2+3+2 ko‘rinishida bo‘lib, kichik guruhlarni tashish uchun qulay hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Damas 3 Meksikada qanday imkoniyatlarga egaligi haqida yozgan edi.