Yangiliklar

Har bir hududda botanika va dendrologiya bog‘lari tashkil qilinadi

2028-yilga qadar
Har bir hududda botanika va dendrologiya bog‘lari tashkil qilinadi / Foto: Sun’iy intellekt

O‘zbekistonning har bir hududida yangi botanika va dendrologiya bog‘larini tashkil etish orqali yashil maydonlarni kengaytirish va ekologik muhitni yaxshilash rejalashtirilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 2028-yilga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qo‘shimcha ravishda jami maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan botanika va den­drologiya bog‘lari tashkil etiladi. Bu bog‘larning ma­qomi botanika bog‘lariga tenglashtiriladi va ular ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.

Shuningdek, loyiha doirasida PM2,5 va PM10 kabi zararli zarralarning konsentratsiyasini 20–25 foizga kamaytirish, shuningdek, iqlim sharoiti og‘ir hududlarda havoning o‘rtacha haroratini 1,5–2°C gacha pasaytirish imkoniyatlari yaratiladi.

Bog‘lar uchun ajratiladigan yer maydonlari, istisno tariqasida, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining yo‘qotilgan joyini qoplash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan ozod qilinadi. Shu bilan birga, botanik va dendrologik bog‘larning yer uchastkalarini xususiylashtirish, begonalashtirish, ikki­lamchi ijara berish yoki hududini qisqartirish qat’iyan taqiqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Toza havo» umummilliy loyihasi doirasida Toshkentda yangi sanoat zonalarini tashkil qilishga moratoriy joriy qilingan edi.