Ispaniya AQSh harbiy samolyotlari uchun havo hududini yopdi

Ispaniya hukumati Eronga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etayotgan AQSh samolyotlari uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Mamlakat Mudofaa vaziri Margarita Roblesning ma’lum qilishicha, Ispaniya nafaqat harbiy bazalardan foydalanishga, balki Eron urushi bilan bog‘liq harakatlar uchun havo hududidan foydalanishga ham ruxsat bermaydi.
Havo hududining yopilishi natijasida AQShning harbiy samolyotlari o‘z maqsadlariga yetishda Ispaniyani aylanib o‘tishga majbur bo‘ladi, ammo favqulodda vaziyatlar bundan mustasno. Shu bilan birga, Ispaniya Iqtisodiyot vaziri Karlos Kuerpo qaror Ispaniya hukumati tomonidan xalqaro huquqqa zid urushda ishtirok etmaslik siyosatining bir qismi ekanligini ta’kidladi.
Bosh vazir Pedro Sanchez esa AQSh va Isroilning Eronga qarshi hujumlarini noqonuniy deb atab, qat’iy tanqid qilgandi. Donald Tramp esa Ispaniyaning bazalardan foydalanish huquqini rad etgani sababli Madrid bilan savdoni kamaytirish bilan tahdid qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaqin Sharqdagi notinchlik sabab neft narxi 115 dollardan oshgani haqida xbar qilgan edik.