O‘zbekistonda aprel oyining boshida sel toshqini kutilmoqda

O‘zbekiston hududida 31-mart hamda 2–6-aprel kunlari kutilayotgan yog‘ingarchiliklar sabab bir qator viloyatlarning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Unga ko‘ra, kuchli yomg‘irlar ayniqsa Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatining ayrim tumanlarida xavfni kuchaytirishi mumkin.
Shuningdek, ayrim hududlarda yomg‘ir suvlari to‘planib, pastqam joylarni suv bosishi ehtimoli ham mavjud.
Mutasaddi idoralar tog‘li va tog‘ oldi hududlarda yashovchi fuqarolarni, dam oluvchilarni hamda haydovchilarni ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi. Zarur hollarda xavfsiz joylarga chiqish, suv toshqinlari ehtimoli yuqori bo‘lgan hududlardan uzoqroq bo‘lish tavsiya etilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan qator hududlarida sel toshqinlari xavfi e’lon qilingani haqida yozgandi.