O‘zbekistondagi 400 ta mahallada 50 ta mikrosanoat markazi tashkil etiladi

Shavkat Mirziyoevga 2026-yilning birinchi choragida milliy iqtisodiyot holati va jahon bozoridagi beqaror vaziyatning ta’sirini kamaytirish choralari bo‘yicha axborot taqdim etildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yanvar-fevral oylarida sanoat 7,7 foizga, xizmatlar 15,4 foizga o‘sdi. Shu davrda $3,5 mlrd eksport amalga oshirildi va $8,3 mlrd xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Yil boshidan buyon 9 ta viloyatning rivojlanishi uchun respublika budjetidan qo‘shimcha 2,3 trln so‘m va $500 mln yo‘naltirildi.
«Yangi O‘zbekiston qiyofasi» maqomi berilgan 33 ta tuman va 330 ta mahalla uchun mahalliy budjetlardan jami 3,9 trln so‘m ajratildi. Og‘ir toifadagi 37 ta tuman va 903 ta mahallaga 3,9 trln so‘m va mahalliy budjetlardan 1,3 trln so‘m, 283 ta «drayver» loyihalarga esa birinchi bosqichda 1 trln so‘m ajratildi.
Yil yakuniga qadar gavjum ko‘chalar, sohilbo‘yi va yo‘lbo‘yi infratuzilma loyihalari uchun 1,2 trln so‘m, turizm salohiyati yuqori 150 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun 450 mlrd so‘m, 400 ta mahallada 50 ta mikrosanoat markazini tashkil etish uchun 150 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.
Inflyatsiyani 6–6,5 foiz doirasida ushlab turish muhim vazifa sifatida belgilandi. Jahon bozorida neft narxining oshishi transport va neft-kimyo mahsulotlari tannarxiga ta’sir qilmoqda, poliietilen va polipropilen narxlari ham oshmoqda. Shu sababli asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish, transport-logistika masalalarini hal etish choralari ko‘riladi.
Tadbirkorlar uchun xomashyo, bozor va kredit bilan bog‘liq muammolarni oldindan hal etish muhimligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan qo‘shni davlatlar bilan transport va savdo masalalarida hamkorlikni kuchaytirish, oziq-ovqat mahsulotlarini aviatashuv orqali eksport qilish va tadbirkorlar uchun arzon tariflarni joriy etish belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda yangi sanoat zonalarini tashkil qilishga moratoriy joriy qilingani haqida xabar bergan edik.