
Tuninghouseuz You Tube kanali uch oy davomida to‘liq qayta ishlangan va deyarli barcha detallari yangilangan Cobalt avtomobilini taqdim etdi. Loyiha mualliflari uni O‘zbekistondagi yagona Cobalt deya baholashmoqda.
Tashqi ko‘rinish

Mashinaning eng ko‘zga tashlanadigan jihati osma tizimi hisoblanadi. Oldi va orqa qismi alohida boshqariladi. Mashina pastga tushirilganda deyarli yerga yotadi. Harakat vaqtida esa bemalol ko‘tarib yurish mumkin. Bu avtomobilga o‘ziga xos «show car» ko‘rinish beradi.
Kuzov to‘liq himoya plyonkasi bilan qoplangan. Old faralarga linzalar o‘rnatilgan va yoritish sifati sezilarli yaxshilangan. Qora rangli detallar, diskalar va Michelin balonlar avtomobilga agressiv uslub beradi. Tom qismi qoraytirilgan va Malibu 2 lyuki o‘rnatilgan.
Salon: premium darajaga yaqinlashuv

Salon deyarli to‘liq qayta ishlangan. Plastik detallar olib tashlanib, ularning o‘rniga charm va alkantara qo‘llangan. Rang sxemasi qora va jigarrang uyg‘unligida ishlangan. O‘rindiqlar qayta dizayn qilinib, perforatsiyali alkantara bilan bezatilgan. Har bir detalda qo‘l mehnati va aniqlik seziladi. Hatto pol va eshik qoplamalari ham premium materiallar bilan qoplangan.

Shift qismi qora alkantara bilan ishlangan. Malibu 2 lyuki va yoritish tizimi zavod darajasida integratsiya qilingan. Salon tashqaridan qaralganda ham to‘liq qora va yopiq ko‘rinadi.
Texnologiya va boshqaruv tizimi
Avtomobilga Malibu 2 paneli va rul o‘rnatilgan. Barcha funksiyalar to‘liq ishlaydi. Multimedia, boshqaruv tugmalari va hatto kichik elementlar ham integratsiya qilingan.
Osma tizimni alohida panel orqali yoki telefon orqali boshqarish mumkin. Bu avtomobilni zamonaviy va funksional qiladi.

Bagaj va audio tizim
Bagaj qismi ham alohida dizayn asosida ishlangan. Osma tizim paneli shaffof oynali ko‘rinishda joylashtirilgan. Ichki qism yoritilgan va dekorativ elementlar bilan bezatilgan.
Audio tizim to‘liq yangilangan. Subvoferlar, kolonka va multimedia tizimi o‘rnatilgan. Imkoniyatlar tufayli salon ichida tovush sifati ancha yuqori.
Eng asosiy o‘zgarish — dvigatel

Mashinaning «yuragi» butunlay o‘zgargan. Unda Malibu 2’ning ikki turbinali dvigateli o‘rnatilgan. Natijada quvvat taxminan 280–290 ot kuchiga yetgan.
Yengil kuzov sabab avtomobil juda tez. 0 dan 100 km/soat tezlikka 6–6,5 soniyada chiqadi. Rul boshqaruvi va tormoz tizimi ham mos ravishda yangilangan. Malibu 2 va Tracker komponentlari qo‘llangan.
Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Cobalt narxidagi bir kishilik avtomobil taqdim etilgani haqida yozgan edi.
