Fan

O‘zbekistonlik Jaloliddin Raximov AQShda raqamli ta’lim platformasini qanday yaratdi — intervyu

30-mart 2026 18:59 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Jaloliddin Raximovning shaxsiy arxividan

AQShning Kaliforniya shtatida faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik Jaloliddin Raximovning hayot yo‘li O‘zbekistondan boshlanib, Yaponiya orqali AQShgacha davom etdi. Bugungi kunda u immigrantlar uchun mo‘ljallangan raqamli ta’lim platformasi — Mirai Traffic School loyihasini rivojlantirmoqda.

Kursiv Uzbekistan vatandosh bilan suhbatlashib ikkita gigant davlatdagi tajribalarini keltirib o‘tadi.

Dunyoni tushunishga bo‘lgan qiziqish

Jaloliddin Toshkent shahrida tug‘ilgan. Yoshligidan xorijiy tillar, turli davlatlarning madaniyati va hayot tarzi unga qiziq tuyulardi. U nafaqat chet elda o‘qishni, balki turli mamlakatlarda tizimlar qanday ishlashini tushunishni istardi.

201-Maktabni tamomlagach, u Jahon tillari universiteti qoshidagi 2- akademik litseyda ta’lim oldi va xorijda o‘qish imkoniyatlarini izlay boshladi. 2013-yilda u Yaponiya davlat grantini qo‘lga kiritib, Ritsumeikan Asia Pacific University (APU) universitetiga o‘qishga qabul qilindi.

Foto: Jaloliddin Raximovning shaxsiy arxividan

Yaponiyaga ilk bor kelganida kundalik hayotdagi oddiy jarayonlarning ham aniq tartib va qoidalarga asoslanganini ko‘rdi.

«Avvaliga hamma narsa juda murakkabdek tuyuladi. Lekin vaqt o‘tib tushunasiz — tartib ortida odamlar hayotini yengillashtiradigan kuchli tizim bor», — dedi u.

Universitetdagi xalqaro muhit unga turli mamlakatlardan kelgan talabalar bilan ishlash, global fikrlash va muammolarga kengroq nuqtai nazardan qarash imkonini berdi.

Yaponiya: intizom va tizimli fikrlash maktabi

Foto: Jaloliddin Raximovning shaxsiy arxividan

O‘qishni tugatgach, Jaloliddin Yaponiyada professional faoliyatini boshladi. U yerda bir necha xalqaro kompaniyalarda ishlab, biznes operatsiyalari, jarayonlarni optimallashtirish hamda samaradorlikni oshirish loyihalarida qatnashdi. Yaponiyada ishlash tajribasi uning fikrlash tarziga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.

«Yaponiyada muammoni vaqtincha hal qilish emas, balki uning ildiz sababini topish muhim hisoblanadi. Agar tizim to‘g‘ri qurilsa, xatolar qayta takrorlanmaydi», — deydi suhbatdoshimiz.

Jaloliddin bu davrda biznes tahlil va raqamli transformatsiya yo‘nalishiga qiziqa boshladi. ERP tizimlari bilan ishlash orqali biznes va texnologiya o‘rtasidagi bog‘liqlikni chuqurroq tushunib bordi.

Foto: Jaloliddin Raximovning shaxsiy arxividan

Yaponiyada 4 yildan ortiq faoliyat yuritgach, u mamlakatning yuqori malakali mutaxassislar uchun mo‘ljallangan Highly Skilled Professional (HSP) viza maqomini qo‘lga kiritdi. Bu esa unga Yaponiyada uzoq muddatli ishlash va professional rivojlanish imkoniyatlarini ochdi.

AQShga ko‘chish — yangi bosqich

Bir necha yil Yaponiyada ishlagach, Jaloliddin professional faoliyatini yanada kengroq muhitda davom ettirish maqsadida AQShga ko‘chadi. Kaliforniyaga kelgach, u biznes va texnologiya sohasidagi bilimlarini yanada chuqurlashtirish maqsadida MBA yo‘nalishida ta’lim oladi.

Keyinchalik u Yaponiya kompaniyasi bo‘lgan IDEC Corporationing AQShdagi ofisida Business Systems Analyst sifatida ish boshlaydi.

U yerda Microsoft Dynamics 365 ERP tizimini joriy etish loyihasida ishladi. Loyihaning asosiy maqsadi kompaniyaning Yaponiya, Amerika va Yevropadagi operatsiyalarini yagona raqamli tizim orqali birlashtirish edi.

1,5 yil davom etgan loyiha davomida u biznes jarayonlarini tahlil qilish, tizimlarni integratsiya qilish hamda kompaniya operatsiyalarini samaraliroq qilish ustida ishladi. Bu tajriba unga global kompaniyalarda tizimlar qanday ishlashini yanada chuqurroq tushunishga yordam berdi.

Foto: Jaloliddin Raximovning shaxsiy arxividan

Keyinchalik uning tajribasi xalqaro ishlab chiqarish kompaniyasi bo‘lgan Kingspan Group kompaniyasida ERP tizimlari va biznes jarayonlarini rivojlantirish loyihalarida davom etdi.

Oddiy muammo yangi loyiha g‘oyasiga aylanganda

Kaliforniyada yashash davomida Jaloliddin ko‘plab xorijlik haydovchilar, ayniqsa Yaponiya fuqarolari yo‘l harakati qoidalari va DMV tizimini tushunishda qiyinchilikka duch kelayotganini payqadi.

Buning sababi shundaki, Yaponiya va AQShdagi yo‘l harakati tizimlari o‘rtasida sezilarli farqlar mavjud. Masalan, Yaponiya avtomobillar chap tomonda harakatlanadigan davlatlardan biri hisoblanadi.

Shuning uchun tajribali haydovchilar ham yangi mamlakatga kelgach moslashish jarayonida qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.

«Ko‘p hollarda muammo haydashda emas, balki tizimni tushunishda edi», — deya izohladi u.

Ushbu masala ustida mustaqil ravishda tadqiqot olib bordi va AQShda aynan yapon tilida tushuntirilgan trafik ta’limi deyarli mavjud emasligini aniqladi.

Mirai Traffic School qanday paydo bo‘ldi

Foto: Jaloliddin Raximovning shaxsiy arxividan

Shu kuzatuvlar asosida Jaloliddin Mirai Traffic School loyihasini yaratishga qaror qiladi.
Loyihani boshlash jarayoni oson bo‘lmadi. Kaliforniyada trafik maktabini ochish uchun DMV tomonidan qat’iy talablar qo‘yiladi — litsenziyalash, o‘quv dasturi, dars materiallari va boshqa ko‘plab huquqiy jarayonlar mavjud.

Bir necha marotaba hujjat topshirish, kurs materiallarini qayta ishlab chiqish va reglamentlarga moslashtirish jarayonidan so‘ng loyiha bosqichma-bosqich rivojlana boshladi.

U loyiha ustida ishlash jarayonida Yaponiya tomonidagi mutaxassislar bilan ham hamkorlik qildi. Jumladan, Yaponiya konsalting kompaniyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, AQShda yashovchi ikki nafar yapon tilida so‘zlashuvchi mutaxassis jamoaga qo‘shilib, loyiha kontenti va tarjima ishlarida ishtirok etdi.

Bugungi kunda Mirai Traffic School yapon tiliga moslashtirilgan onlayn trafik maktabi sifatida rivojlanmoqda. Platformada ingliz va yapon tillarida tushuntirishlar, real hayotiy vaziyatlarga asoslangan darslar hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanilgan yordamchi tizimlar mavjud.

Loyihaning asosiy maqsadi — yangi mamlakatga kelgan insonlarga mahalliy qonun va tizimlarni tushunishni osonlashtirishdir.

«Ko‘pincha odamlar qoidani buzmaydi — ular shunchaki tizimni tushunmaydi», — deydi Jaloliddin.

Kelajak sari qarash

Foto: Jaloliddin Raximovning shaxsiy arxividan

Jaloliddinning fikricha, global dunyoda eng katta ehtiyojlardan biri — turli mamlakat tizimlari o‘rtasidagi tushunmovchilikni kamaytirishdir. Kelajakda u Mirai platformasini boshqa immigrant jamoalar uchun ham kengaytirishni rejalashtirmoqda.

«Yangi mamlakatga kelgan inson uchun eng katta qiyinchilik til emas — tizimni tushunishdir. Agar texnologiya shu jarayonni osonlashtira olsa, bu katta foyda keltiradi», — deya fikrini xulosaladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Zoyir Eshmurodov bilan suhbatni taqdim etgandi.

Shuningdek