O‘zbekistonning barcha hududlarida 14 ta «yashil» texnikum tashkil etiladi

2026 – 2027-yillarda mamlakatning barcha hududlarida 14 ta «yashil» texnikum tashkil qilinadi. Bu haqda prezidentning tegishli qarorida qayd etildi.
2030-yilgacha mazkur texnikumlar orqali 10 ming nafar mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan. Bu orqali ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida kadrlar salohiyati oshiriladi.
Shuningdek, 2026 – 2028-yillarda ekologiya va iqlim o‘zgarishi yo‘nalishida ilmiy darajaga ega mutaxassislar soni 150 nafargacha yetkaziladi. 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab ayrim ta’lim muassasalari «yashil» texnikum sifatida qayta tashkil etiladi. Ularda hududning ekologik va iqtisodiy sharoitidan kelib chiqib, amaliy yo‘naltirilgan ta’lim yo‘lga qo‘yiladi.
Texnikumlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida ular Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetiga biriktiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda yangi milliy tabiat bog‘lari tashkil etilishi haqida yozgan edi.