Samarqandda qalbaki alkogol savdosiga chek qo‘yildi

Samarqand shahrida noqonuniy alkogol mahsulotlari savdosi fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Tezkor tadbir davomida «J.E.» MChJga qarashli savdo do‘konida qoidabuzarlik aniqlangan. Do‘konda 40 turdagi 4 ming dona alkogol mahsulotlari sotuvga qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Mazkur mahsulotlarning umumiy qiymati 132,1 mln so‘mni tashkil etadi. Ularning bir qismi sifatini tasdiqlovchi hujjatlarsiz bo‘lgan.
Shuningdek, 422 dona qalbaki aksiz markali ichimliklar ham aniqlangan. Barcha mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ish Jinoyat kodeksining qalbaki aksiz markalari va noqonuniy savdo bilan bog‘liq moddalari bo‘yicha tergov qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri bir qator hududlarda giyohvand moddalar savdosiga chek qo‘yilgani haqida yozgan edi.