Sherobod tumanida Surxon-Agro erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi

eʼlon qilindi
940 gektarlik issiqxona majmualari qurilib, tadbirkorlarga qator imtiyozlar taqdim etiladi
Foto: Pexels.com

O‘zbekiston prezidentining 2026-yil 25-martdagi qaroriga muvofiq, aholini kuz-qish mavsumida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida Surxon-Agro erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi.

2026 – 2027-yillarda mazkur hududda kamida 940 gektar maydonda zamonaviy issiqxona majmualarini joylashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, energiya tejamkor va muqobil energiya manbalariga asoslangan isitish tizimlari ulushini kamida 50 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Surxon-Agro zonasi doirasida faoliyat yuritadigan issiqxona xo‘jaliklariga bir qator yengilliklar beriladi. Xususan, yer uchastkalari elektron auksion orqali ijaraga olinganda, 5 yil davomida ijara to‘lovi nol stavkada hisoblanadi. Bundan tashqari, sug‘orish hamda texnologik jarayonlar uchun ishlatiladigan yerosti va oqova suvlari to‘lovlaridan 3 yil muddatga ozod qilinadi.

Istisno tariqasida anomal sovuq ob-havo sharoitida issiqxonalarga belgilangan ekologik talablarga qat’iy rioya qilgan holda ko‘mir yoqishga ruxsat etiladi. Shu bilan birga, atmosferaga zararli tashlamalar chiqarayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyati bosqichma-bosqich kamaytirilishi belgilab qo‘yilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent va unga tutash hududlarda 1-oktabrdan yangi issiqxonalar qurilishi cheklanishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek