
O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishga qaratilgan «10 ming qadam piyoda» loyihasi 1-maydan yana ishga tushiriladi. Mazkur tashabbus prezident qarori bilan tasdiqlangan «Eko-madaniyat» umummilliy loyihasi doirasida qayta tiklanmoqda.
Shu bilan birga, «Sog‘lom turmush tarzi» raqamli platformasi — 1hls.uz ham faoliyatini qayta boshlaydi.
Loyihani qo‘llab-quvvatlash maqsadida har yili Maxsus jamg‘arma hisobidan 10 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, ushbu tashabbus ilk bor 2020-yilda joriy etilgan bo‘lib, unda fuqarolar kuniga 10 ming qadam yurgani uchun rag‘bat puli olishi mumkin edi. Keyinchalik loyiha 2022-yilda to‘xtatilgan.
Endilikda esa dastur yangilangan shaklda qayta yo‘lga qo‘yiladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda «Yosh ekolog» ko‘krak nishoni joriy etilishi haqida yozgandi.