Banklar va moliya

1 mlrd so‘mdan ortiq operatsiyalarni yuqori tavakkalchilik toifasiga kiritish taklif qilinmoqda

Loyiha muhokamasi 4-aprelgacha davom etmoqda
Nafaqa olish uchun zarur bo‘lgan eng kam sug‘urta staji muddati belgilandi
Foto: Ijtimoiy tarmoq

Markaziy bank jinoiy daromadlarni legallashtirish va moliyaviy firibgarlik xavfini kamaytirish maqsadida yangi nazorat choralarini joriy etishni taklif qilmoqda. Loyiha muhokamasi 4-aprelgacha davom etmoqda.

Loyihaga ko‘ra, 16 yoshgacha bo‘lgan shaxslarning hisobvaraqlarida qisqa vaqt ichida BHMning 40 baravaridan (taxminan 16,48 mln so‘m) ortiq mablag‘ aylanmalari shubhali deb hisoblanadi.

Bu yoshdagi shaxslar moliyaviy qarorlarni mustaqil qabul qila olmaydi, shuning uchun katta mablag‘ aylanmalari uchinchi shaxslar tomonidan firibgarlik yoki jinoiy maqsadlar uchun ishlatilishi mumkin.

Shuningdek, 30 kun ichida jismoniy shaxslar hisobiga 1,03 mlrd so‘mdan ortiq naqd mablag‘ kirimi yoki bir nechta o‘tkazmalar ham yuqori tavakkalchilik sifatida kuzatiladi.

Xavfi yuqori davlatlardan keladigan yoki ularga jo‘natiladigan mablag‘lar (30 kun ichida BHMning 1000 baravari, ya’ni 412 mln so‘mdan ortiq) shubhali operatsiya sifatida alohida monitoringga olinadi.

Shu bilan birga, loyihada yuridik shaxslar va tadbirkorlar uchun import shartnomalari bo‘yicha operatsiyalar ham yangi mezonlar bilan tahlil qilinadi. Agar shartnoma bo‘yicha mablag‘ BHMning 3000 baravaridan (1,236 mlrd so‘m) oshsa, bu shubhali operatsiya sifatida hisobga olinadi.

Banklar yangi tartibda mijoz va operatsiyalar tafsilotlarini to‘liq tahlil qiladi va mablag‘ manbasi hamda maqsadini aniqlaydi. Mijozning ishchanlik obro‘sini ijtimoiy tarmoqlar va ochiq manbalar orqali tekshirib, affillangan va benefitsiar mulkdorlarni yashirish urinishlarini aniqlaydi, zarurat bo‘lsa, vakolatli organlarga xabar beradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 11,25 mln so‘mdan yuqori pul o‘tkazmalari nazorat ostiga olinishi haqida yozgandi.