
General Motors’ning eng arzon elektromobillaridan biri Chevrolet Bolt EV 2027 modeli avtomagistralda real sharoitda sinovdan o‘tkazildi. Bu haqda InsideEvs nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, avtomobil bir zaryad bilan 262 mil (taxminan 422 km) yurishi mumkin. Biroq bu ko‘rsatkich aralash (shahar va trassa) rejimida hisoblangan.
Amaliy test davomida avtomobil 75 mil/soat (120 km/soat atrofida) tezlikda harakatlanib, jami qariyb 197 mil (317 km) masofani bosib o‘tgan. Bu esa rasmiy ko‘rsatkichdan deyarli 25 foizga kam.
Mutaxassislar buni yuqori tezlikda energiya sarfi keskin oshishi bilan izohlamoqda. Elektromobillarda tezlik qancha yuqori bo‘lsa, batareya shuncha tez tugaydi.
Shu bilan birga, yangi modelda sezilarli yaxshilanishlar ham bor. Xususan, tezkor quvvatlash quvvati 150 kW’gacha oshirilgan bo‘lib, batareyani 10 foizdan 80 foizgacha atigi 26 daqiqada to‘ldirish mumkin.
Yangi Bolt EV LFP (litiy-temir-fosfat) batareya bilan jihozlangani sabab uni muntazam 100 foizgacha zaryadlash mumkin. Bu esa kundalik foydalanishda qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Qayd etilishicha, ushbu model bozorda uzoq qolmasligi mumkin. Kompaniya uni taxminan 1,5 yil davomida ishlab chiqarishni rejalashtirgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet eng arzon elektromobilini ishlab chiqarishni uzaytirishi mumkinligi haqida yozgandi.