
Yong‘in xavfsizligini kuchaytirish maqsadida 28 metrdan baland binolarda yonuvchan materiallardan foydalanishni qat’iy taqiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, 28 metrga qadar bo‘lgan binolarning fasad qismida faqat past yonuvchanlik darajasiga (2 – 4) ega materiallardan foydalanishga ruxsat beriladi.
28 metrdan baland binolar, shu jumladan, ta’lim va tibbiyot muassasalarida yonuvchan materiallardan foydalanish qat’iyan taqiqlandi. Bu qoidalar baland binolarda yong‘in tez tarqalishining oldini olish maqsadida joriy etildi.
Binolarning evakuatsiya yo‘llari, zinapoya, yo‘laklar, chiqish yo‘laklari, shuningdek, yerto‘la va yarim yerto‘lalarda devor va shiftlarni bezashda yonuvchan materiallar ishlatish cheklangan.
Ma’lumot uchun, qurilish materiallari yonuvchanlik darajasiga qarab 4 turga bo‘linadi. Bu tasnif balandlik va bino turiga qarab xavfsizlik talablarini aniqlashga imkon beradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdagi qurilish mollari do‘konida yong‘in sodir bo‘lgani haqida yozgandi.