Yangiliklar

Aviatsiya xodimlari uchun majburiy tibbiy ko‘rik tartibi qanday

Fuqarolik aviatsiyasida ishlovchi barcha xodimlar hamda ushbu sohaga ishga qabul qilinayotgan nomzodlar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tadi
Aviatsiya xodimlari uchun majburiy tibbiy ko‘rik tartibi qanday
Foto: Pexels

O‘zbekistonda aviatsiya xodimlari uchun majburiy tibbiy ko‘rik tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, fuqarolik aviatsiyasida ishlovchi barcha xodimlar hamda ushbu sohaga ishga qabul qilinayotgan nomzodlar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Ushbu jarayon maxsus tibbiy-uchish komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Ko‘rik davomida nomzodlarning umumiy sog‘lig‘i, ko‘rish va eshitish qobiliyati, ruhiy holati hamda kasbiy faoliyatga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan xavf omillari baholanadi. Shuningdek, parvoz xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan kasalliklar va holatlar ham aniqlanadi.

Tibbiy tekshiruv natijasiga ko‘ra, aviatsiya xodimlari va nomzodlarga sog‘lig‘i holatiga qarab 1-, 2- yoki 3-klass tibbiy xulosa beriladi. Ushbu hujjat ularning kasbiy vazifalarni xavfsiz bajarishga jismoniy va ruhiy jihatdan yaroqliligini tasdiqlaydi.

Qoidalarga muvofiq, tibbiy ko‘rik o‘tkazish tartibi, tibbiy xulosaning amal qilish muddati, shuningdek parvozdan oldingi va keyingi tibbiy nazorat jarayonlari ham aniq belgilab qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda fuqaro aviatsiyasi universiteti va aviatsiya texnikumi tashkil etilishi haqida yozgan edi.