
Bir nechta kredit olib, har oy faqat unga to‘lov qilish hayotni qiyinlashtirishi mumkin. Lifehaker nashri tez va samarali tarzda kreditlarni yopishning eng amaliy usullari bilan bo‘lishadi.
1. To‘lovlar jadvalini tuzish
Bir nechta qarzingiz bo‘lsa, avvalo ularni ro‘yxatga olish va har birining oylik to‘lovlarini aniq yozish muhim. Buning uchun qog‘ozdan yoki mobil ilovadan foydalaning, faqat yodingizda saqlash yetarli emas. Bu har oy boshida budjetni rejalashtirishga, to‘lovlar uchun zarur mablag‘ni ajratishga yordam beradi.
SMS-xabarlar bank tomonidan kelishi mumkin, lekin o‘zingiz ham muddatni kuzatish odatini shakllantiring.
2. Kichik qarzdan boshlash
Bu usul psixologik jihatdan foydalidir, chunki kichik qarzni yopish motivatsiya beradi.
Qanday ishlaydi: Barcha qarzlaringizni kichikdan kattaga tartiblab ro‘yxatlang. Kredit kartalarni ham shu ro‘yxatga qo‘shing. Har bir kredit bo‘yicha minimal to‘lovlarni ajrating.
Qo‘shimcha mablag‘larni hisoblab chiqib, eng kichik qarzni to‘lashga yo‘naltiring.
Kichik qarz yopilgach, keyingi qarzga o‘tib, minimal to‘lov va qo‘shimcha mablag‘ni birlashtiring. Shu tarzda oxirgi qarz yopilgunga qadar davom eting.
Afzalligi: bu usul progressni ko‘rishga yordam beradi va motivatsiyani oshiradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, odamlar kichik qarzlardan boshlab to‘lovlarni amalga oshirsa, umumiy qarzni tezroq kamaytiradi.
3. Lavina – yuqori foizdan boshlash
Bu usul ayniqsa kredit kartalari va yuqori foizli qarzlar uchun foydali.
Qanday ishlaydi: Qarzingizni foiz stavkalariga qarab kamayish tartibida ro‘yxatlang.
Minimal to‘lovlarni bajaring va qo‘shimcha mablag‘ni eng yuqori foizli qarzga yo‘naltiring.
Yuqori foizli qarz yopilgach, keyingi yuqori foizli qarzga o‘ting va avvalgi minimal to‘lovni qo‘shing. Shu usul bilan barcha qarzlar yopilgunga qadar davom eting.
Afzalligi: to‘lovlar natijasida banklarga ortiqcha foiz to‘lanmaydi, ya’ni siz umumiy summada tejaysiz.
4. Konsolidatsiya – bir qarzga birlashtirish
Agar bir nechta qarzni nazorat qilish qiyin bo‘lsa, ularni birlashtirish orqali yagona to‘lovga o‘tkazish mumkin.
Qanday ishlaydi: Bankdan qarzlarni konsolidatsiya qilish xizmatini so‘rang.
Bank barcha qarzlaringizni yopadi va siz endi faqat bitta, umumiy kreditni to‘laysiz. Bitta qarz orqali oylik to‘lovni kuzatish osonlashadi.
Afzalliklari: To‘lovlarni unutish xavfi kamayadi, shuning uchun kechikish va jarimalar kamayadi. Foizlarni kamaytirish imkoniyati mavjud, ayniqsa yuqori foizli kredit kartalar mavjud bo‘lsa. Bitta to‘lovni kuzatish oson, budjetni rejalashtirish qulay.
Konsolidatsiya faqat yaxshi kredit tarixiga ega bo‘lgan mijozlarga tavsiya etiladi. Avvalgi kechikishlar bo‘lsa, bank xizmatni rad etishi mumkin.
5. Yangi qarzlardan saqlanish
Qarzingiz to‘liq yopilmaguncha yangi kredit yoki yirik xaridlar qilmaslik tavsiya etiladi. Kerak bo‘lsa, xarajatlarni qisqartirib, mavjud qarzlarni tezroq yopishga e’tibor qaratish muhim.
Har bir usul o‘ziga xos afzalliklarga ega. Sizning tanlovingiz, daromad va qarz tuzilmasiga bog‘liq bo‘ladi. Eng muhimi – qat’iy reja tuzish va unga rioya qilishdir.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank fevral oyida 11 ta bankka nisbatan jarima qo‘llagani haqida yozgandi.